“Mening bog‘im” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumi uchun ovoz berish jarayoni boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 10-iyunidan 20-iyunigacha loyihalarni ro‘yxatga olish jarayoni boshlanib, undan keyin 27-iyungacha ularni moderatsiya qilish jarayoni amalga oshirildi.
Qabul qilingan loyihalar uchun ovoz berish bosqichi 6-iyul kuni soat 10:00gacha davom etadi. Loyihada jami 738ta loyiha ovozga qo‘yilgan.
Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali ovoz berishlari mumkin. Jumladan, “Ochiq budjet” portalining veb-sahifasi hamda portalning mobil ilovasi orqali qabul qilinadi.
Bundan tashqari, “Telegram"dagi rasmiy bot orqali ham ovoz berish imkoniyati mavjud.
Mart oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 444ta o‘rmon plantatsiyalari va 160ta istirohat bog‘lari barpo etishga 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilingandi.