27-iyun kuni parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, kooperatsiya tizimiga asoslangan “Agroparranda klasteri” loyihasi amalga oshiriladi.
2030-yilgacha parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.
Joriy yilning 1-iyulidan parranda go‘shtini (TIF TN kodi 0207) eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinadi.
1-oktabrdan yangi so‘yilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlarini (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishib, unda yuqoridagi yengilliklar ilgari surilgandi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga berilgan $35 mln arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi. Mazkur mablag‘lardan parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona tashkil etishda foydalanish mumkin.