O‘zbekistonda og‘ir sharoitdagi uy-joyga muhtoj qizlarga 1 xonali ijtimoiy uylar qurib beriladi. Bu haqda 28-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti og‘ir yoshlar biriktirilgani o‘z samarasini berayotgani qayd etildi. Qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshning muammosi hal etildi, 65 mingining esa bandligi ta’minlandi.
Yig‘ilishda maktab, kollej, texnikum, oliygoh sport zallari va kutubxonalari, stadion va basseynlar mahalla yoshlariga xizmat qilishini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Har bir istirohat bog‘i, sayilgoh va xiyobonlarga bepul “Wi-Fi” o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi. Bu orqali vakant o‘rinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin.
Yoz oylarida “qurilish otryadlari"ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum o‘quvchilarini kasbga o‘rgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. O‘quvchilarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1% qilib belgilanadi.
Bundan keyin ham qizlarning ta’lim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.
Jumladan, og‘ir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgungacha bu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi.
Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi.
Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik va uning sabablari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e’lon qilgandi.