O‘zbekistonda eng yaxshi 500ta loyihaning daromadli biznesga aylanishiga ko‘maklashiladi. Bu haqda 28-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Xususan, buning uchun har yili $100 mln ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.
Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamg‘arma kengashiga kiradi. Jamg‘arma rahbarini ham ushbu yoshlarni o‘zi saylaydi.
Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi.
Jamg‘arma hokimlar bilan birgalikda 14ta tumanni tanlab, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazi ochadi va to‘liq jihozlab beradi.
Mazkur markazlar yosh tadbirkorlarga 1 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga ijaraga beriladi. Markazlarning o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi.
Jamg‘arma Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi.
Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun to‘lov undirilmaydi.