27-iyun kuni yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi:
- yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
- xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YTTlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa NNTlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;
- yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, bu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.
Hujjat bilan, imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida C1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlar moddiy rag‘batlantiriladi.
Ularga imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari — 1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Joriy yilning 1-sentabridan 2027-yilgacha nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Bunda o‘quv markazlari sinf xonalarini kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida olishlari mumkin.
Shuningdek, tegishli maktablar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Fevral oyida prezident ishtirokidagi yig‘ilishda joriy yil sertifikat olishdagi imtihon xarajati bilan birga, 6 oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi ma’lum qilingandi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi.
1-martdan boshlab xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshirildi. Bunda IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismi qoplab beriladi. Agar ingliz tili darajasi B2 va undan yuqori bo‘lsa, xarajatlar to‘liq qoplanadi.