Avvalroq yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-oktabridan Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi. Uning natijalari esa rasmiy agentlikning veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.
2024−2026 yillarda OTMlarning xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida C1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida ishlashlariga ruxsat etiladi.
2024−2025 o‘quv yilidan ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yilgacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ularning xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.
Aynan “Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30ta kasbga o‘rgatilishi belgilangan.