O‘zbekistonda elektr tarmoqlarini o‘chirib qo‘yganlik uchun jarima solish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 29-iyun kuni moliyaviy, konsalting, yuridik, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.
IT-kompaniya vakili elektr energiyasining tez-tez uzilishidan shikoyat qilib, “IT elektr borida boshlanib, elektr tugaganda tugaydi”, deb ta’kidladi. U majburiyatlarni buzganlik uchun elektr tarmoqlarining javobgarligini kuchaytirishni taklif qildi.
“Yoz boshlanishi bilan kuniga 3−4 soatga „svet“ o‘chadi. Tariflar oshirilganiga qaramay, elektr tarmoqlarining iste’molchilar oldida javobgarligi yo‘q. Buni ham qandaydir to‘g‘rilab berilsa yaxshi bo‘lardi. Sababi xorijiy hamkorlarimiz oldida javobgarligimiz bor”, — dedi tadbirkor.
O‘z navbatida, biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov IT-sohasi vakilining taklifiga qo‘shilgan holda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar muammosi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun ham dolzarb ekanligini ta’kidladi.
“Biz hozir elektr tarmoqlarining ogohlantirishsiz elektr energiyasini o‘chirib qo‘yish holatlari bo‘yicha ularning javobgarligini [kuchaytirish] taklifini ishlab chiqyapmiz”, — dedi biznes-ombudsman.
Qosimov har kuni uzilishlar sodir bo‘lishini qo‘shimcha qildi va buni energiya tizimidagi nosozliklar bilan izohlab, “buning uchun hech kim kafolat bera olmaydi”, deya qayd etdi.
2023-yilning avgustida davlat rahbari energetika sektoriga mas’ul rahbarlar kuz-qish mavsumida tizimning barqaror ishlashini ta’minlash uchun favqulodda rejimga o‘tganini ma’lum qildi.
Undan keyin, oktabr oyidagi yig‘ilishda prezident eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. 2026-yilga borib jami yo‘qotishlar hajmini 8%ga tushirish shartligi ta’kidlandi.
Joriy yilda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga 14 trln so‘m ajratiladi. Yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformator yaxshilanadi.