Qozog‘iston Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish qo‘mitasi (AFSA) litsenziyalangan platformalarda savdo qilish uchun “Toncoin” (TON) kriptovalyutasini tasdiqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu qarorga “Toncoin"ning “AFSA” tomonidan o‘rnatilgan tartibga solish standartlariga muvofiqligi aniqlangan keng qamrovli tekshiruvdan so‘ng kelingan.
Endilikda investorlar qo‘mita tomonidan o‘rnatilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza va investorlarni himoya qilish choralariga ega bo‘lgan holda, “Toncoin” bilan “AFSA” litsenziyasiga ega platformalarda savdo qilishlari mumkin.
““Toncoin"ning “AFSA” tomonidan tartibga solinadigan muhitga qo‘shilishi xavfsiz va shaffof savdo imkoniyatlarini izlayotgan institutsional va chakana investorlarning yangi to‘lqinini jalb qilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Iyun oyi boshida Pavel Durov yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. “Telegram” asoschisi Markaziy Osiyoga messenjer foydalanuvchilari va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganish uchun kelishini aytgan.
Uning birinchi safari Qirg‘izistondan boshlanib, u yerda mahalliy telekom rahbarlari bilan uchrashdi Qirg‘iziston “Telegram” foydalanuvchilari tajribasini yaxshilash yo‘llarini muhokama qildi.
Undan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Durovning O‘zbekistonga yetib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Otabek Umarov o‘zining “Instagram"dagi sahifasida Durov mamlakatga tashrif buyurganini ma’lum qildi. “Telegram” asoschisining navbatdagi manzili Qozog‘iston bo‘ldi.
Avvalroq “Spot” surxondaryolik talaba Notcoin sotgani uchun 10 sutkaga qamalgani haqida yozgandi.