Ispaniya qurilish sektoriga O‘zbekistondan ishchilar jalb qilinishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniya Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Pedro Fernandes Alen bilan muzokara o‘tkazdi.
Unda tomonlar o‘rtasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mamlakat qurilish sektoriga fuqarolarni ishga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Pedro Fernandes Alen O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlarni yuqori baholadi. Uning fikricha, o‘zbekistonliklar uchun xorijiy mamlakatlarda xavfsiz va tartibli mehnat faoliyatini olib borishga barcha imkoniyatlar yaratilganligi rivojlanayotgan davlatlarning ijobiy ko‘rsatgichlaridan biridir.
Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Ispaniyadagi qurilish sohasidagi rejalarni ma’lum qildi.
Xususan, 200 mingta davlat ko‘chmas mulk obyektlarini barpo etish hamda buning uchun 700 ming nafar ishchilarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakunida bu yo‘nalishda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Avvalroq Latviya kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Avtomaktablar platformasida yuk mashinalari haydovchilarini tayyorlash uchun maxsus simulyatorlar tashkil etiladi.