“Telegram” messenjeri asoschisi Pavel Durov O‘zbekistonga qilgan safari taassurotlari bilan bo‘lishdi. Bu haqda tadbirkor o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“O‘zbekistonda Telegram’ni yaxshi ko‘rishadi: mamlakatning 37 mln aholisining 70%dan ortig‘i Telegram’ga a’zo, ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamizda boshqariladi (mamlakatdagi har bir biznes tarmog‘ida Telegram boti yoki kanali mavjud). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va O‘zbekistonni sevamiz”, — degan “Telegram” asoschisi.

Durov O‘zbekistonga safari davomida tez rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, tog‘li landshaftlari, Buxoro va Samarqandning boy tarixi hayratda qoldirgani qayd etgan.

“Ko‘plab yosh va iqtidorli, qalbi mehribon insonlarni uchratdim. Men samimiy qabul uchun minnatdorman va shu yil oxirida quyoshli Toshkentda ko‘proq qolishga umid qilaman”, — deb yozadi u.

Iyun oyi boshida Pavel Durov yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. “Telegram” asoschisi Markaziy Osiyoga messenjer foydalanuvchilari va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganish uchun kelishini aytgan.

Uning birinchi safari Qirg‘izistondan boshlanib, u yerda mahalliy telekom rahbarlari bilan uchrashdi Qirg‘iziston “Telegram” foydalanuvchilari tajribasini yaxshilash yo‘llarini muhokama qildi.

Undan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Durovning O‘zbekistonga yetib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Otabek Umarov o‘zining “Instagram"dagi sahifasida Durov mamlakatga tashrif buyurganini ma’lum qildi. “Telegram” asoschisining navbatdagi manzili Qozog‘iston bo‘ldi.


Avvalroq “Telegram” asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist va “Fox News” telekanalining sobiq boshlovchisi Taker Karlsonga intervyu bergandi.

U intervyuda “Telegram” qanday yaratilgani, “Vkontakte"ni tark etish va ko‘chishi, “Telegram"ning kelajakdagi rivojlanishi haqida gapirgan.