O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “BYD” narxi xorijdan olib kelib sotilayot avtomobillardan arzon bo‘ladi. Bu haqda “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda BYD kompaniyasining O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari hajmi $160 mln bo‘lib, 2030-yilgacha bu $500 mlndan ortiqni tashkil etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Xitoyda ommabop bo‘lgan “E2”, “Seagull” va “Yuan” modellarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Hozirda zavodda “Chazor” va “Song Plus Champion” modellari ishlab chiqarilmoqda.
Alimov ishlab chiqarish hajmiga tannarx judayam bog‘liq ekanligini qayd etdi. Hajm oshgani sari tannarx ham pasayib boradi.
“„BYD“ O‘zbekistonga kirib kelganidan beri [bozorda] narx-navo tushib bormoqda va holat bundan keyin ham davom etadi. Aniq raqamlarni aytishim qiyin, lekin, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil chetdan olib kelib sotilayotganidan arzon bo‘ladi”, — dedi Shafqatbek Alimov.
Narx-navo masalasiga belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich ta’sir qilib boradi. Ya’ni, mahalliylashtirishni kuchaytirish orqali logistik xarajatlar kamayadi, shuningdek, qo‘shilgan qiymat ortadi va tannarx ham o‘zidan-o‘zi tushib boradi.
Shafqatbek Alimov mahalliylashtirishni oshirish bo‘yicha hamkorlar bilan ishlar belgilab olinganini ta’kidladi. Xususan, mamlakatda mavjud butlovchi qism ishlab chiqaruvchi korxonalar texnik auditdan o‘tkazilib, 28ta korxona bilan ishlar amalga oshiriladi.
“Elektromobillarning tannarxiga eng ta’sir qiluvchi omil — bu akkumulator batareyasi. Masalan, uning 1 kVt narxi o‘tgan yili $132 bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda $100 ga yaqinlashdi. 2025-yilga borib, $50ga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda. Chunki, texnologiya rivojlanyapti, ishlab chiqarish ortyapti. Bu albatta, oxirgi avtomobil tannarxida ham ko‘rinadi”, — dedi Alimov.
Bundan tashqari, uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan modellar faqat mamlakatdan eksport qilinib, Xitoyda ishlab chiqarilgan modellar O‘zbekistonning eksport bozoriga olib kelinmaydi.
Avvalroq “BYD” avtomobil zavodini iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Iyun oyi oxiriga kelib, Jizzaxdagi zavod elektromobillar ishlab chiqarishni boshladi.
2023-yilning sentabrida “BYD” va “O‘zavtosanoat” “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil etishga kelishdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya bitimi imzolandi.
Birinchi bosqichda Jizzaxdagi zavod quvvati yiliga 50 ming donaga yetkaziladi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu 300 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Prezident mart oyida “BYD” elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga, mahalliylashtirish darajasini esa 60%ga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hukumat “BYD” elektromobillarini O‘zbekistonga olib kirishni cheklashi mumkin. Xitoy kompaniyasi avtomobillarning “tartibsiz” importini kamaytirishni so‘radi.