“Foton” elektronika ishlab chiqaruvchi zavodini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.
Kompaniya ustav kapitalidagi 85,58% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha 151 mlrd so‘m sotib olish to‘lovi bilan “Havvo Group” savdo g‘olibi deb topildi.
G‘olib tomonidan kelajakda korxonaning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulotlar turini va realizatsiyasi geografiyasini kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni ta’minlash rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, xaridor taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda baholangan qiymatidan yuqori.
Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.
Kompaniya haqida
“Foton” zavodi 1941-yilda Moskva viloyatidan evakuatsiya qilingan elektrovakuum qurilmalari zavodi negizida tashkil etilgan.
1995-yilda korxona AJga aylantirilib, hozirda “O‘zeltexsanoat” xoldingi tarkibiga kiradi. “Foton"ning ustav kapitali 1,08 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Kompaniya radioelektron jihozlar uchun elektron texnika va integral mikrosxemalar hamda elektronika asosidagi turli mahsulot turlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.
2023-yilda kompaniya tomonidan 14,5 ming dona mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, sof tushumi 36,4 mlrd so‘mni, sof foydasi 1,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Iyul oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Foton” elektronika ishlab chiqaruvchisining davlat ulushini xususiylashtirish uchun arizalarni qabul qilishni boshlagandi. Kompaniyaning 85,6% aksiyalari paketi sotuvga chiqarildi.
Sentabr oyi oxirida Davaktiv agentligi “Foton” davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish muddatini 9-oktabrgacha uzaytirdi. “Abrau Capital” kompaniyasi konsultant sifatida ishga jalb qilindi.
Dekabr oyida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi mazkur elektronika zavodi va uning direktori Marifxo‘ja Saidumarovga qarshi sanksiyalar kiritgandi.
Xaridor haqida
“Havvo Group” qishloq xo‘jaligi xoldingi bo‘lib, 2019-yilda tashkil etilgan. Xolding mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar va yong‘oqlar eksporti va importi bilan shug‘ullanadi. Uning tarkibiga “Havvo Group”, “Havvo Agro Food”, “Havvo Trust”, “Havvo Noble MDH” kompaniyalar guruhi kiradi.