Davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 1-iyuldan boshlanib, 30-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
2024/2025-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy magistr.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Ariza topshirishda tizimdan telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldirish kerak.
Diplom ma’lumotlari abituriyentning bitirgan OTMi tomonidan tasdiqlanadi. Chet tilini bilish sertifikat ma’lumotlari esa tegishli maxsus ma’lumotlar bazalari orqali tekshiriladi hamda tasdiqlanadi.
Shuningdek, abituriyent tomonidan tanlangan mutaxassislik ta’lim olgan bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mosligi tekshiriladi.
Magistratura mutaxassisliklariga tanlovlarda belgilangan talab darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlar ishtirok etishlari mumkin.
Ariza topshirish bo‘yicha videoyo‘riqnoma bilan bu yerda tanishish mumkin. Shuningdek, sertifikatlar ro‘yxati havolada.
May oyi oxirida bakalavr va magistratura uchun talab etiladigan til sertifikatlari ro‘yxati tasdiqlandi. Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda zarur bo‘lgan til sertifikatlari ro‘yxatidan ayrimlari olib tashlandi.
Avvalroq prezident farmoni bilan magistratura va doktoranturaga ayrim yo‘nalishlarda xorijiy til bilish sertifikati darajasi pasaytirilgandi. Ayrim sohalar, madaniyat va sport mutaxassisliklari uchun chet tili sertifikati kamida B1 darajada bo‘lishi kerak.