28-iyun kuni ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, ommaviy tadbirlarga fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlanadi.
Milliy gvardiya va IIV tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilanayotgan talabga ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni o‘tkazish obyekti ma’muriyati tomonidan so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotchilar va obyekt ma’muriyati Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Mazkur qaror bilan joriy etilayotgan talabning maqsadi, mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirilishi tashkil etiladi.
Avvalroq ayrim fuqarolarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi haqida xabar berilgandi. Qonunchilik palatasi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.