2-iyul kuni Toshkentda turizm va transport sohasidagi biznes vakillari uchun davra suhbati bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Savdo-sanoat palatasi.
Tadbir avgust oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda.
Unda ishtirok etish uchun aviakompaniyalar, turoperatorlar, mehmonxonalar vakillari, shuningdek, gidlar va boshqalar taklif etiladi.
Yig‘ilishda hukumat ishchi guruhi a’zolari, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi.
Tadbirkorlar o‘z sohalaridagi muammolar to‘g‘risida xabar berishlari mumkin bo‘lib, tomonlar birgalikda ularni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi.
Davra suhbati “Wyndham Tashkent” mehmonxonasining “Silk Road A” zalida soat 10:00da boshlanadi. Ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining (+998) 78 150−60−06 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik doirasida korxonalar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy guruhlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada chuqurroq tahlil qilish uchun ekspert guruhlari tuzilmoqda.
Avvalroq “Spot” tadbirkorlar murojaatlarini qabul qiluvchi shtab faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.
Biznes egalari o‘zlari duch kelayotgan muammolar va takliflarni 24/7 rejimida 1094 va 1100 qisqa raqami orqali yo‘llashi mumkin.