O‘zbekiston fuqarolariga viza uchun hujjat topshirishni osonlashtirish taklif qilinmoqda. Bu haqda 2-iyul kuni turizm va transport sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Muloqotda turoperator Muqaddas Murodova viza masalasi bo‘yicha dolzarb muammolarni sanab o‘tib, bir nechta takliflarni ilgari surdi.
“Viza masalasi bo‘yicha ishlayman. So‘nggi paytlarda talab yuqori bo‘lgan Buyuk Britaniya va Kanadaga vizani olish uchun O‘zbekiston fuqarolari chet elga chiqib, barmoq izlari topshirishi kerak. Mazkur mamlakatlar elchixonalari faoliyat yuritmagani evaziga fuqarolar chet elga chiqishlari uchun barmoq izlarini boshqa qo‘shni mamlakatlarga chiqib, topshirishga majbur bo‘lishmoqda”, — deya qayd etdi u.
Xususan, Muqaddas Murodova Toshkentda Buyuk Britaniya elchixonasi konsulligini tiklashni taklif qildi. Bu orqali O‘zbekistonda mavjud valyuta chetga chiqmasligini ta’minlash mumkin. Ya’ni ortiqcha xarajat va vaqt sarfi kamayadi.
Shuningdek, u Kanadaga chiqish uchun Toshkentda barmoq izlarini topshirish imkoniyatini yaratish hamda viloyatlarda ham viza markazlarini tashkil etish taklifini bildirdi.
Iyun oyi boshida o‘tkazilgan hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga elektron viza tizimini takomillashtirib, mobil ilovani ishga tushirishni topshirgandi.