Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda korxona va muassasalar ko‘payishi bilan, unga mutanosib ravishda energiya manbalarini va generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Bu quvvatlardan oqilona foydalanish, energiyani tejash ham juda zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlaridagi eski texnologiyalar energiya tejamkoriga almashtirilmoqda. Sanoat korxonalarida “yashil energiya” manbalari joriy qilinmoqda. Binolarni qurishda issiqlikni saqlovchi materiallardan foydalanilmoqda. Xonadonlar va ijtimoiy muassasalarda o‘rnatilgan quyosh panellari ularga qo‘shimcha quvvat bermoqda.
Joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirilgandi. U, ishlab chiqarishga halal bermagan holda, energiya iste’molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashga qaratilgan.
Energiya iste’molida o‘g‘irliklar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, bu yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangan. Bunga tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya sarfini qat’iy nazorat qilish, mas’ullarning javobgarligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda sohada loyihalar amalga oshirilmoqda, stansiyalar barpo etilmoqda. Bu yil barcha manbalar hisobidan 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari sohadagi investitsiyaviy loyihalarni, chet ellik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi. Xususan, 850 kilometr magistral tarmoq va 9ta podstansiyani ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlangan.
Bunga qo‘shimcha 595 kilometr elektr tarmog‘i qurilib, yangi podstansiyalar ishga tushiriladi. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.
Mutasaddilarga energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash yuzasidan vazifalar qo‘yildi.
Avvalroq joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga 14 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. Yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformator yaxshilanadi. 1-oktabrgacha 600 ming tonna ko‘mir va 350 ming tonna mazut zaxirasi yaratiladi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi elektrni yetkazib berishning kamayishiga oid xabarlarga izoh berdi. Bunga tariflar oshirilishi fonida aholining elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishi sabab bo‘lgani qayd etildi.
O‘zbekistonda elektrni o‘chirganlik uchun hududiy elektr tarmoqlari javobgarligini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Mahalliy IT-kompaniya elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli hamkorlar oldidagi majburiyatlarning buzilganligi haqida shikoyat qildi.