To‘rtta hududda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “V.B.” MChJ rahbari B.R. elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Korxona rahbari xo‘jalikning yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini tarmoqqa elektr hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, jami 2,2 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qilgan.

Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va hududiy ETK xodimlari bilan o‘tkazilgan nazorat tadbirida “U.B.” fermer xo‘jaligi rahbari U.R. ham elektrdan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.

Xo‘jalik suv nasosi umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari yashirincha ulanishi natijasida 223,5 mln so‘mlik elektr energiyasi noqonuniy foydalanilgan.

Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “N.U.” va “Q.D.” fermer xo‘jaligi rahbarlari yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, jami 215,3 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Farg‘ona tumanidagi “V.J.” fermer xo‘jaligi hamda YTT A.A. avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr uskunalari hisoblagichdan tashqari elektr tarmoqlariga ulangan. Natijada, jami 146,2 mln so‘mlik elektr talon-toroj qilingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangan. Bunga tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayotgani sabab bo‘layotgani aytildi.

Avvalroq Toshkentda mayning ferma 750 mln so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Mayning qurilmalarini tijoriy maqsadda tarmoqqa yashirincha ulagan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.