Xitoyning “Investission” kompaniyasi Farg‘onada maxsus transport vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha $40 mlnlik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Xitoyning “Shiyan Zhenke Industrial Technology” kompaniyasi rahbari Syao Syansyan o‘rtasidagi uchrashuvda Xitoy kompaniyasi ikki bosqichda amalga oshirishni rejalashtirgan maxsus texnika ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasi muhokama qilindi.
Ikki bosqichli investitsion loyihaning dastlabki bosqichida $20 mln investitsiya hisobiga Farg‘onada yig‘ish, payvandlash va bo‘yash liniyalari tashkil etilib, yiliga 500 ta maxsus transport vositalari ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda qo‘shimcha $20 mln investitsiya yo‘naltirilib, ishlab chiqarish quvvati oyiga 100 taga yetkaziladi.
Loyihani to‘la amalga oshirish muddati 3 yilni tashkil etishi ma’lum qilindi. Ishlab chiqariladigan transportlar bozorga yangi mahalliy brend ostida yetkazib beriladi.
Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Farg‘onada chiqindini qayta ishlash majmuasini qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Loyiha qiymati $600 mlnni tashkil etishi kutilmoqda hamda uning doirasida vodiy viloyatlaridagi chiqindilarni qayta ishlash hisobiga elektr, o‘g‘it hamda qurilish bloklari ishlab chiqariladi.