Avvalroq Toshkentda turizm va transport sohasidagi biznes vakillari uchun davra suhbati o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. 2-iyul kuni o‘tkazilgan muloqotda “Avrud Travel” sayyohlik kompaniyasi vakili Mansur Ramazonov turizm maqsadlari uchun chet eldan avtotransport vositalarini olib kirishga imtiyoz berishni taklif qildi.
Tadbirkor ayni paytda mamlakatda sayyohlar soni ko‘paygani sababli transport vositalariga bo‘lgan ehtiyoj ortganini ta’kidlab, ularni mamlakatga olib kirishda tannarxdan 70%gacha davlat boji to‘lashga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.
“Hozir bitta avtobus uchun taxminan 60−70%gacha tannarxdan davlatga boj to‘lashimiz kerak. Masalan, Xitoydan olib kelinadigan bitta avtobus narxi $110−140 mingni tashkil etadi. Uning ustiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun yana $60−70 ming qo‘shiladi. Mana shu chiqimlar bilan avtobus $200 mingdan ortig‘iga aylanmoqda. Xarajatlarni qoplash summasi esa o‘rtacha o‘n yilni tashkil etadi”, — dedi Mansur Ramazonov.
Tadbirkor ichki va tashqi turistlar oqimi to‘xtab qolmasligini ta’minlash uchun 8 va undan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan transport vositalarini mamlakatga olib kirishda imtiyoz berishni ilgari surmoqda. Chunki turistlar qatnovini ta’minlashda “O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezd yetkazib berolmayapti, ichki aviaqatnovlarda ham yetishmovchilik bor, dedi u.
“Davlat rahbari xorijiy sayyohlar sonini 11 mlnga yetkazishni topshirgan. 11 mlnga ko‘tarmoqchi bo‘lsak, yangidan avtobus har yili olishimiz kerak. Bir muammo — xorijdan, asosan Yevropadan keladigan turistlar transportga nisbatan talabni asosan, 5 yilgacha, deb belgilashadi. Xizmat ko‘rsatish uchun biz avtoparkimizni yangilab borishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Mansur Ramazonov.
Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomovning ma’lum qilishicha, Prezident administratsiyasi bilan birga ishlab chiqilayotgan tegishli davlat rahbari farmoniga mazkur masalani nazarda tutuvchi band kiritilgan.
“Yaqin kunlarda farmon chiqadi va unda bu band bor. [Tadbirkorlar avtotransport vositalarini olib kirish bo‘yicha bojlardan] ozod etiladi”, — dedi Jamshid Abdusalomov.
Bundan tashqari, tadbirkor avtomobil yo‘llarida infratuzilmani rivojlantirish borasidagi taklifini ham ilgari surib, tadbirkorlarga ko‘proq imtiyozlar berish kerakligini ta’kidladi.
Bu bo‘yicha esa, Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev davlat rahbarining Jizzax viloyatiga bo‘lgan tashrifi doirasida prezidentga konsepsiya taqdim etilganini ma’lum qildi.
Unda yo‘l infratuzilmasi yonidagi xizmat turlari qanday bo‘lishi, qanday maydonda joylashishi va qanday talablarga javob berishi kerakli, shuningdek, qanday xizmatlar joriy etilishi bo‘yicha me’yorlar keltirilgan.
“Hozir bu bo‘yicha qo‘shimcha materiallarni tayyorlayapmiz. Tegishli hujjat chiqadi. Qanday masofada yo‘l bo‘yi infratuzilmasi tuzilishi kerak deganda, katta magistral yo‘llarda 50−100 kmgacha bo‘ladi. U yerda dam olish maskanimi yoki ta’mirlash markazi bo‘ladimi — bu bo‘yicha xizmat turlari aniqlangan”, — dedi u.
Iyun oyi boshida davlat rahbari turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirishni topshirdi.
Avvalroq prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. Dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.