Fransiya kompaniyasi Shohimardonda ommaviy turizm maskanini qurmoqchi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi hududiy direktori Orxan Shirinni hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlarini qabul qildi.
Iyun oyi boshida kompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda viloyat hududida arqon yo‘l va osma ko‘priklarni o‘z ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish loyihasi muhokama qilinib, loyihani Shohimardonda amalga oshirish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqishga kelishib olingandi.
Navbatdagi uchrashuvda Orxan Shirin viloyat hokimiga o‘zlari tomonidan Shohimardonda olib borilgan o‘rganishlar natijasida ishlab chiqilgan hududning turistik rivojlantirish konsepsiyasini taqdim etdi.
Loyiha 10tadan kabinaga ega ikkita arqon yo‘li, 1ta qiya ko‘targich, 1ta osma ko‘prik, “Zipline”, “Alpine Coaster” attraksionlari va boshqa ko‘plab qo‘shimcha turistik infratuzilma obyektlarini o‘z ichiga oladi.
“Tabiat bilan uyg‘unlik bosh g‘oya bo‘lgan loyihada oilaviy turizm imkoniyatlarini taqdim etishga ham alohida e’tibor qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Loyihani moliyalashtirish masalasida imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etish bo‘yicha Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamda Yevropa banklari bilan muzokaralarni birgalikda olib borishga kelishildi.
2023-yilning martida “Montagne et Neige Développement” Chimyondagi umummavsumiy dam olish maskanini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqandi. May oyida bu bo‘yicha shartnoma imzolandi.
“Beldersoy-Chimyon-Nanay” kurortini qurish bo‘yicha kelishuv Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan, 2021-yilning may oyida esa uni moliyalashtirish kelishib olingandi.
“Montagne et Neige Développement“ tog’larda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sanoat guruhi bo‘lib, shtab-kvartirasi Fransiya janubidagi Sent-Hélène-du-Lac shahrida joylashgan.
Guruh 2004-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya 49ta mamlakatda 1,5 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.