Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.

Ya’ni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00dan 06:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00dan 09:00gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,02 mln so‘mdan 1,7 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 5,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda.

Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga — 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 va 248−1- moddalariga muvofiq, shovqinlarga qarshi kurashish talablarini buzish to‘g‘risidagi ishlar ichki ishlar organlari va milliy gvardiyaga bo‘ysunadi. Ushbu bo‘limlarning xodimlari bunday qoidabuzarliklar uchun hibsga olish huquqiga ega (287-modda).


2023-yil oktabrida Adliya vazirligi atrof-muhitni, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar ta’siridan muhofaza qilish sohasini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni loyihasini ishlab chiqqandi.

Loyihada zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga va aholi salomatligiga bevosita zarar yetkazuvchi zararli manbalar deb belgilash taklif etilgandi. Shuningdek, vaqtlar quyidagicha belgilanishi mumkin:

  • soat 23:00dan 06:00gacha bo‘lgan vaqt — “Tungi vaqt”;
  • ish kunlarida soat 23:00dan soat 07:00gacha hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21:00dan soat 08:00gacha bo‘lgan vaqt — “shovqinsiz davr”.

Avvalroq “Spot” ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat va buyumlarni bepul tarqatish taqiqlangani haqida yozgandi.

Belgilangan qoidalarni buzgan tadbir tashkilotchisi va ma’muriyati tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi.