Koreya-Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdi jo‘nab ketdi. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘li” kompaniyasi xabar berdi.
26-iyun kuni Lyanyungan portining Qozog‘iston-Xitoy logistika terminalida tarkibni jo‘natish marosimi o‘tkazildi. Unda to‘rtta davlatning temir yo‘l ma’muriyati vakillari ishtirok etdi.
Tarkib avtomobil ehtiyot qismlari yukini 7 ming km uzunlikdagi yo‘nalish bo‘yicha olib boradi. Qozog‘iston hududida marshrut operatori “QTZ"ning ekspress yuk tashishga ixtisoslashgan “KTZ Express” shu’ba korxonasi hisoblanadi.
“Poyezdning ishga tushirilishi qo‘shma multimodal yuk tashishni rivojlantirishga bo‘lgan umumiy intilishimizni namoyon etadi, bu, albatta, mintaqalarimizda savdo va o‘zaro hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi, — dedi “KTZ Express” rahbari o‘rinbosari Ulug‘bek Orazov.
Yetkazib berish “SJ Logistics Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Kelajakda reysni muntazam olib borish rejalashtirilgan — bu “hozirgi geosiyosiy vaziyatda” logistika mexanizmlarining uzluksizligini ta’minlashi kutilmoqda.
Aprel oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma temir yo‘l korxonasini yaratishga kelishib oldi. Tomonlar Xitoydan, jumladan, Qozog‘iston-Xitoy chegarasida yuk tashishni tashkil etish uchun o‘zaro manfaatli asosda yuk terminallarini taqdim etishni rejalashtirmoqda.