“Davlat belgisi” DUK tomonidan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlarining tanlovi e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank matbout xizmati xabar bermoqda.
Tanlovda tasviriy san’at, dizayn, grafika, illustratsiya, reklama va boshqa turdosh sohaga oid bilim va tajribaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Dizayn konsepsiyasi va tematikasi quyidagilardan iborat:
- tarixiy va muqaddas qadamjolar;
- xalq qadriyatlari, madaniyati va tarixi;
- O‘zbekiston milliy valyutasi;
- Buyuk Ipak yo‘li;
- sport sohasi;
- tabiat va hayvonot olami;
- milliy hunarmandchilik;
- erkin mavzu.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich doirasida dizayn muallif tomonidan chizilgan bo‘lishi va boshqa ijodkorlarning avvalgi ishlarini qaytarmasligi kerak.
Dizayn doira ichida (logotip ko‘rinishida) kompyuter grafikasidan foydalanib (CorelDraw, PhotoShop va Illustrator dasturlari) tayyorlanishi yoki A4 formatli qog‘ozga qalam bilan tushirilgan bo‘lishi hamda ularda tasvirlangan har bir element aniq ko‘rinishi lozim.
Dizayn tanga yoki suvenir to‘plamlari avers (old tomoni) va revers (orqa tomoni) ko‘rinishlardan hamda ularning qisqacha tavsifidan iborat bo‘lishi kerak.
Tayyorlangan dizaynlar joriy yilning 31-iyul kuni soat 23:00gacha designmint@davlatbelgisi.uz elektron manzili, +998 94 210 12 18 “Telegram” kanali hamda “Davlat belgisi” kompaniyasining 100114, Toshkent shahri, Javaharlal Neru ko‘chasi, 3-uy manzili orqali qabul qilinadi.
Bunda jo‘natiladigan ishlar muallifning ism-familiyasi, manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili ko‘rsatilishi kerak.
Kelib tushgan barcha dizayn loyihalari “Davlat belgisi"ning ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi va eng yaxshi 30 ta dizayn loyihasi saralab olinib, dizayn mualliflari ro‘yxati e’lon qilinadi.
Ikkinchi bosqich doirasida bundan oldingi bosqichda tanlab olingan 30ta loyiha mualliflari “Davlat belgisi” mutaxassislari bilan dizaynlarga yakuniy ishlov berib, elektron fayllar EPS, AI, PDF, CDR tahrir qilinadigan raqamli vektor formatlaridan birida shakllantiradi.
30ta dizayn loyihalari Markaziy bank komissiyasi muhokamasiga kiritiladi. Komissiya taqdim etilgan dizayn loyihalarini 5 ish kuni mobaynida o‘rganib chiqib, 15ta g‘olibni tanlab oladi.
G‘oliblar quyidagi tartibda pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
- 1-o‘rin uchun — 20 mln so‘m;
- 2-o‘rin uchun — 15 mln so‘m;
- 3-o‘rin uchun — 10 mln so‘m;
- 4−15 o‘rinlar uchun — har biriga 3 mln so‘mdan.
Mukofot pullari g‘oliblar e’lon qilingan kundan 7 ish kuni mobaynida muallifning bank plastik kartasiga to‘lab beriladi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan 15ta loyiha bo‘yicha mualliflik huquqi mukofot puli to‘langan vaqtdan boshlab “Davlat belgisi” tasarrufiga o‘tadi.
Mazkur loyihalar ichidan mavzuga doir yo‘nalish bo‘yicha zarb qilinib, muomalaga chiqarilgan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari muallifiga qo‘shimcha bir marotabalik 10 mln so‘m miqdorida gonorar to‘lab beriladi.
Tanlov haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni havola orqali yokida 55 503 33 72 yoki 71 209 03 32 telefon raqamlari orqali olish mumkin.
Avvalroq “President Tech Award” tanlovining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.