2024−2025-o‘quv yili uchun qabul jarayonida kasbiy (ijodiy) imtihonlar qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbout xizmati xabar bermoqda.

Kasbiy (ijodiy) imtihoni mavjud bakalavriatura yo‘nalishlariga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun imtihonlar mamlakat bo‘yicha 5-iyuldan boshlanib, 19-iyulgacha davom etadi.

Mazkur sanalardagi imtihonlar 53ta oliy ta’lim muassasasida o‘tkazilishi belgilandi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonning aniq sanasi, vaqti va manzili har bir abituriyentning my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga yuborildi.

Vazirlik abituriyentlardan o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etish ruxsatnomasini yuklab olishlarini so‘ramoqda.

Ruxsatnomada belgilangan muddat va manzilga imtihon boshlanishidan bir soat oldin yetib borish kerak.

5-iyundan 2024−2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlangandi. 25-iyun kuniga kleib esa, jarayon yakunlandi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.

Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Avvalroq magistraturaga qabul boshlangandi. Arizalarni magistr.edu.uz platformasi orqali 30-iyulgacha jo‘natish mumkin.