Endilikda haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun tegishli idoralaraga borishning hojati yo‘q. Yagona portal orqali ushbu xizmatga onlayn shaklda ariza berish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun shaxsiy hisobga ega bo‘lish lozim. Qanday qilib hisob ochish bo‘yicha “Spot” qo‘llanmasi bilan bu yerda tanishish mumkin.
Arizalarni portal orqali topshirganda xizmatdan foydalanish narxi — 238 ming so‘m (BHMning 0,7 barobari)ni tashkil etadi.
Dastlab, my.gov.uz platformasidan OneID bilan shaxsiy hisobga kirib, “Transport” sahifasi tanlanadi. Unda “Haydovchilik guvohnomasini yangilash” xizmati mavjud.
“Xizmatdan foydalanish” tugamasini bosib, ommaviy oferta talablarini qabul qilish kerak. Keyingi qadamda arizachining shaxsiy ma’lumotlari avtomatik shakllanadi, faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat turi, yashash hududi va tumani, hujjatni qanday shaklda olmoqchiligini kiritish kerak.
Agarda hujjatni pochta orqali olmoqchi bo‘lsa, unda yetkazib berish hududi, tuman, yuboriladigan to‘liq manzil va markaz tanlanishi kerak. Pochta xizmati uchun to‘lov 25 ming so‘mni tashkil etadi.
Agarda hujjatni o‘zingiz tashrif buyurgan holatda olmoqchi bo‘lsangiz, hudud, tuman va markazni tanlash lozim.
Keyingi sahifada haydovchilik guvohnomasi haqida ma’lumotlar shakllanadi. Haydovchilik guvohnomasi ma’lumotlari Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ma’lumotlar bazasida aniqlanmagan holatda, yangi namunadagi guvohnoma olishi uchun ro‘yxatdan o‘tish va imtihon olish bo‘linmalariga murojaat qilish kerak.
Arizani shakllantirish jarayonida foydalanuvchi ID karta yoki biometrik pasportidagi rasmdan foydalanishga rozilik bildiradi, rasmdan foydalanishdan rad etgan taqdirda yangi rasmga tushish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga tashrif buyurish lozim.
So‘ng, elektron shaklda imzo qo‘yilishi kerak. Saqlash tugmasi bosilgach, imzoni qayta tahrirlash imkoni bo‘lmaydi.
Barcha amallar bajarilgach, to‘lovlarni amalga oshirish kerak. Keyin arizada belgilangan davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurilsa 1 ish kunida, qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta xizmati orqali 2 ish kuni davomida haydovchilik guvohnomasi yetkazib beriladi.
Avvalroq “Spot” yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun onlayn ariza jo‘natish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.