Avvalroq yo‘l qurilish va ta’mirlash sohasidagi mexanizmlarni yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlari bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlanishiga yordamlashgan shaxslar mukofotlanadi.
Bunda, ruxsatnoma olmasdan mazkur ishlarni amalga oshirgan yoki yo‘lning avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatini bajarmaganlarni aniqlashda faol yordam berganlarga undirilgan jarimaning 50%i miqdorida mukofot puli beriladi.
Hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tarzida joriy yilning 1-sentabridan 2025-yilning 1-sentabrigacha joylardagi hokimlar belgilab beradigan muayyan hududda tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Xususan, fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi mas’uliyati OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirib boriladi.
Ko‘p qavatli uylar hovlisi va atrofi, yo‘l hamda ko‘cha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy ko‘rinishi, shuningdek, yo‘l va ko‘cha chetlaridagi bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlanadi.
Joriy yilning 1-oktabridan fuqarolar yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlar uchun pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.