O‘zbekiston Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov va “iCell” kompaniyasi bosh direktori maslahatchisi Gabor Pushtai uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Uchrashuvda yo‘l va shahar infratuzilmasini rivojlantirish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish va investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilindi.
Vengriya kompaniyasi Toshkent shahridagi avtoturargohlarni boshqarish imkonini beruvchi loyiha ustida olib borayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tizim avtoturargohlarni qidirish, bron qilish hamda ular uchun haq to‘lash uchun yuqori texnologiyali sensorlar va mobil ilovalarni joriy etishga asoslangan.
Kompaniya mutaxassislari loyihani samarali amalga oshirishning mumkin bo‘lgan variantlarini o‘rganish va Toshkent shahrining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda maxsus takliflarni tayyorlash ustida bir yildan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda.
Avvalroq “Spot” 2024-yilda Toshkentning ayrim ko‘chalarida pullik to‘xtash joylarini ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Kelgusi ikki yilda 20 ming pullik avtoturargohlar tashkil etiladi. To‘xtash joylarining narxi soatiga 3 ming so‘m etib belgilanadi.