Xalqaro moliya korporatsiyasi “Coca-Cola İçecek” kompaniyasiga $250 mln miqdorida to‘rtta kredit ajratdi, deya xabar berdi moliya tashkiloti matbuot xizmati.

Sarmoya Turkiya, O‘zbekiston, Tojikiston va Iroqda o‘sish uchun yangi shart-sharoitlar yaratishi kutilmoqda.

Shuningdek, moliyalashtirish barqaror rivojlanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va gender tengligini ta’minlashga qaratilgan.

Bajariladigan asosiy ishlarga quyidagilar kiradi:

  • plastik butilkalarni qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirish;
  • energiya tejamkor uskunalar va qayta tiklanadigan energiyani joriy etish;
  • ta’minot zanjirlarida bevosita va bilvosita ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish;
  • 2030-yilga kelib yangi xodimlar orasida ayollar ulushini 35%ga, rahbarlik lavozimlarida esa 40%ga oshirish.

“Kompaniyamizning maqsadi — iste’molchilar va mijozlar, xodimlar va jamoalar uchun qiymat yaratishdir. Shuningdek, biz barqarorlik tashabbuslarimiz orqali odamlar hayoti, jamiyatlari va sayyoramizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga intilamiz”, — dedi “Coca-Cola İçecek” kompaniyasi bosh moliya direktori Erdi Kursunog‘lu.

Qayd etilishicha, ajratilgan umumiy mablag‘ning 60%i ekologiya va energetika tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Xalqaro moliya korporatsiyasining Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer turk kompaniyasi bilan hamkorlik ichimlik sektori barqarorligini yaxshilash va sanoat amaliyotini yaxshilashga yordam berishini ta’kidladi.

2021-yil sentabr oyida “Coca-Cola İçecek” kompaniyasi “Coca-Cola Bottlers Uzbekistan” kompaniyasini xususiylashtirish bo‘yicha bitimni yopdi.

Davaktivga $252,28 mln to‘lagan “Coca-Cola İçecek A.Ş.” kompaniyasi davlat tasarrufida bo‘lgan 57,118% ni qo‘lga kiritdi.


Avvalroq “Spot” “Coca-Cola” Samarqand va Namanganda ikkita zavod qurish uchun $165 mln sarmoya kiritishi haqida yozgandi.

Birinchi korxonani ishga tushirish joriy yil may oyiga, ikkinchisini esa 2025-yil boshiga rejalashtirilgan.