2-iyul kuni hukumat qarori bilan “Qishloq xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaliklariga ekinlar hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50%ini, biroq sug‘urta summasining 4%idan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun budjetdan subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Sug‘urta qildiruvchi subsidiya olish maqsadida “Agroplatforma"da ro‘yxatdan o‘tadi va quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
- sug‘urta shartnomasi;
- sug‘urta polisi;
- sug‘urta shartnomasida qayd etilgan sug‘urta mukofotining to‘liq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.
Sug‘urta qilish nazarda tutilgan sug‘urta qildiruvchining qishloq xo‘jaligi ekinlari “CropAgro” axborot tizimiga elektron joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.
Subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- sug‘urta qildiruvchining o‘z arizasiga asosan;
- belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
- sug‘urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;
- qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.
Sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni boshqa asoslar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qoraqalpog‘istonda yerni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchilarga lazerli tekislangan har bir gektar maydonga sarflangan xarajatining 100%gacha qismini qoplab beriladi.
Avvalroq 1-avgustdan “Agroplatforma"da xizmatlar pullik ko‘rsatila boshlanishi haqida xabar berilgandi. Bu orqali tizimning uzliksiz rejimda ishlashini ta’minlash hamda texnik-qo‘llab quvvatlash belgilangan.