Yaponiya O‘zbekistonga qo‘shimcha tibbiy mobil konteynerlar yetkazib beradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2-iyul kuni vazir Laziz Qudratov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Xatori Takashi o‘rtasida “Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi” bo‘yicha almashinuv notalari imzolandi.
Dastur Yaponiya hukumatining beg‘araz yordami doirasida amalga oshirilib, buning uchun 3 mlrd iyena ($6,3 mln) yo‘naltiriladi.
Hujjat bilan, O‘zbekistonga kompyuter tomografiyasi skanerlari va rentgen apparatlari bilan jihozlangan qo‘shimcha 4ta tibbiy mobil konteyner yetkaziladi.
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, O‘zbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar.
“Kompyuter tomografiyasi skanerlari qator kasalliklarni aniqlashda juda muhim hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Mobil tibbiy konteyner har qanday joyda, shu jumladan favqulodda vaziyatlarda ham xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Joriy yilda Toshkentda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etiladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi. Ayrim vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi.
Tez yordam “Call-markaz"larida bemorlarga shifokor maslahati yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil Toshkentda, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinadi.