27-iyun kuni hukumatning IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va uning tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarining bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda sohaga zamonaviy AKTni joriy etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, tizimdagi jazoni ijro etish muassasalarining mulki, bino va inshootlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ijara shartnomasini tuzish huquqini qo‘lga kiritish uchun onlayn-auksion “E-auksion” platformasi orqali amalga oshiriladi. Ijara shartnomasi esa “online-ijara.uz” tizimida ro‘yxatga olinadi.
Shuningdek, Jazoni ijro etish muassasalariga “Face-ID” identifikatsiya tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklarni o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.
Jazoni ijro etish departamenti tomonidan mahkumlar ehtiyojidan kelib chiqib, jazoni ijro etish muassasalariga o‘rnatiladigan infokiosklar soni va texnik talablari belgilanadi. Departament infokiosklarni o‘rnatish bo‘yicha tanlov komissiyasini shakllantiradi.
Komissiya mahkumlar va ularning qarindoshlari tomonidan buyumlarni elektron do‘konlar orqali sotib olish imkoniyatini yaratish uchun infokiosklarni o‘rnatish istagini bildirgan investorlarni aniqlash uchun davriy nashrlarda va IIVning rasmiy saytida tanlov e’lon qiladi.
Tanlov g‘olibini aniqlashning mezonlari:
- talabgorning tanlovgacha elektron savdo sohasida bir yildan kam bo‘lmagan tajribaga egaligi;
- talabgorning Face-ID tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklar orqali savdo qilish imkonini beruvchi dasturga egaligi;
- talabgorning barcha jazoni ijro etish muassasalariga infokiosklarni o‘rnatish uchun kiritadigan investitsiya mablag‘lariga egaligi;
- faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomaga ega ekanligi;
- moliyaviy ahvolining barqarorligi, soliq va yig‘imlaridan qarzdorligi mavjud emasligi;
- infokiosklar orqali tovar va mahsulotlarni yetkazib berish uchun yetarli moddiy-texnik hamda logistika bazasiga ega ekanligi.
G‘olib bo‘lgan investor bilan 6 oydan 3 yilgacha muddatga shartnoma tuziladi.
Joriy yilning may oyida IIV jazoni o‘tash joylarida masofaviy videouchrashuvlar tashkil etish imkoniyatini yaratishni taklif qildi. Xavfsiz videoaloqa tizimini o‘rnatish uchun “Inm International” bilan 10 yillik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish rejalashtirilgan.
Avvalroq yil oxirigacha “Uzum Market” 500ta “UzPost” bo‘limlarida qabul qilish punktlarini ochishi haqida xabar berilgandi. Hozirda xaridorlar buyurtmalarini Toshkent va Samarqanddagi 28ta aloqa punktlaridan olib ketishlari mumkin.