Joriy yilning 3-iyul kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi katta suv o‘tkazgich tarmoqda nosozlik yuzaga keldi. Bu haqda “Toshkent shahar suv ta’minoti” matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Moyqo‘rg‘on ko‘chasi va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasida diametri 1200 mm bo‘lgan katta suv quvuri yorilgan.
Natijada, Tiklanish mahallasi 1,2,3,4,5,6, tor ko‘chalari, G‘ishtqo‘rg‘on ko‘chalari, Astrabod mahallasi, Turkiston, Sobirobod mahallalarida, Zenit zavodi, Prokuratura akademiyasi, Pivo zavodida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.
Shu bilan birga ushbu hududda joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda ham suv bo‘lmaydi. Suvsiz qolgan manzillarga maxsus texnikalarda suv yetkaziladi.
“Toshkent shahar suv ta’minoti"ning axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Ravshan Yoqubjonov holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berib, quvur oldin taxmin qilinganidek diametri 1200 millimetrli emas, balki 800 mm bo‘lgan quvurda yuzaga kelganini bildirdi.
“Bunga yaqin joydagi qozonxonada vaqtincha elektr energiyasining uzilishi sabab bo‘lgan, quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgan va ularning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan. Buning natijasida tashqariga suv sizib chiqqan”, — dedi u.
Biroq, Energetika vazirligi, holatga rasmiy munosabat bildirib, 2−3-iyul kunlari “Toshkent issiqlik markazi"ga qarashli Yunusobod tumanidagi 4-sonli qozonxona elektr ta’minotida hech qanday uzilish yuz bermaganini ma’lum qildi.
“Suv toshqiniga qozonxona faoliyatining hech qanday aloqasi yo‘q. 4-sonli qozonxona 2024-yilning 2-iyulidan 3-iyuliga o‘tar kechasi barqaror va shtat rejimida faoliyat yuritgan”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda qozonxonaga suv ta’minotining yetarli darajada yetkazib berilmayotganligi sababli mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarish hajmi pasaytirilgan.
Holat natijasida 13ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismi va ichki yo‘llarga suv kirishi kuzatilgan. Shuningdek, Yuqori Qoraqamish va Moyqo‘rg‘on ko‘chalarida avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklandi.
Mazkur ko‘chalardan harakatlanuvchi 6, 24 va 142-sonli avtobus yo‘nalishlarining qatnov va oraliq interval vaqtlari reja asosida tashkil etilishida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Avvalroq prezident energiya ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Joriy yilda 43 ming holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan o‘g‘irliklar aniqlangan.