1-iyul kuni yo‘llar va yo‘l infratuzilmasining yaxshi holatda saqlanishini ta’minlash hamda hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, yo‘l qurilishi sohasida joriy yilning 1-sentabridan yangi tartiblar joriy etiladi.
Jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘lni har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqat tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi.
Xususan, ruxsatnoma yo‘l balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi.
Ruxsatnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- yo‘l obyektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs;
- qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati;
- ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod;
- bu muddat ichida yo‘l obyektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli ma’muriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish.
Qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart.
Ruxsatnoma olmasdan turib, qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, ruxsatnomani ilib qo‘ymaslik yoki taqdim etmaslik, qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini ko‘rmaslik, ishlar yakunlangach, yo‘lning avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2023-yilning sentabrida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tishni qo‘llab-quvvatladi. Oktabrda prezidentning “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Joriy yilning 1-iyulidan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida “resurs usuli"dan voz kechilib, “hajm usuli"ga o‘tilishi belgilangan. Qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi.