“E-aktiv” tizimini joriy etish bekor qilindi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 4-iyul kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Bugungi kungacha “Yagona ijtimoiy himoya reestri"ga kiritilgan 49 455 nafar fuqaroga dori vositalari xaridi uchun “Soliq” ilovasi orqali 7,7 mld so‘mlik keshkeb berilgan.
““E-aktiv"dan voz kechdik, E-Aktiv bo‘lmaydi. Tizimni amalga oshirish juda qiyin ekan, shuning uchun undan voz kechildi”, — dedi Sherzod Qudbiyev.
Bundan tashqari, qo‘mita raisi ta’kidlashicha, markirovka nimaga kerak, uning kodlari qanday edi, MXIK nimaga kerak edi va u qanday bo‘lyapti — bularning barchasini aniqlash uchun raqamli markirovkalash joriy etilgani Soliq qo‘mitasiga mahalla darajasida dori vositalarini xarid qilish bo‘yicha ma’lumotlarni olish imkonini bergan.
“Bu nafaqat soliq idoralarining fiskal nuqtayi nazaridan kerak, balki Sog‘liqni saqlash vazirligi va ishlab chiqaruvchilar ham foydalanadilar”, — dedi u.
Soliq qo‘mitasi hozirda farmatsevtika bozorining to‘liq tahlilini tayyorlamoqda, unga kirish hamma uchun ochiq bo‘ladi. Keyingi bosqichda mahalliy ishlab chiqarish va import qilinadigan dori vositalari, jumladan, ularning miqdori va narxi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda farmatsevtika bozorining aylanmasi 9,36 trln so‘mni tashkil etgan, uning chorak qismidan kamrog‘i mahalliy dori vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda aholi jon boshiga xarid miqdori 250 ming so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
“Aprel oyidan boshlab [farmatsevtika kompaniyalari] o‘z aylanmalarini keskin qisqartirdi. Nima uchun bu sodir bo‘layotganini oldin o‘zimizdan so‘rab ko‘raylik. Dori-darmonlarga bo‘lgan talabimiz 30−40%ga, ayrim hollarda esa 80%ga kamayib ketdi. Bunda biz nima qilishimiz mumkin?”, — deya yuzlandi Qudbiyev va birgalikda yechim topishni taklif qildi.
1-apreldan O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari aylanmasi va importiga QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi. Dori vositalarining savdo aylanmasidan va importidan qo‘shilgan qiymat solig‘i undirila boshlandi.
Avvalroq tibbiy buyumlar savdosida narx cheklovini bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov cheklangan ustamani olib tashlashni nazarda tutuvchi farmon loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi.