2-iyul kuni maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga qaratiligan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi. Uning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi:
- ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- maktabgacha ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;
- maktabgacha ta’limning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash;
- davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash.
Avvalroq bog‘cha xodimlarini kasbiy rivojlantirish bo‘yicha elektron dastur joriy etilishi ma’lum qilingandi. 2024/2025 o‘quv yilidan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinadi.
Avvalroq “Spot” bolani bog‘chaga joylashtirish uchun onlayn arizani qanday jo‘natish bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.