Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda berilgan lift importi muammosi bo‘yicha xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qo‘mita tomonidan chop etilgan bir guruh tadbirkorlarning mazkur murojaatiga asosan, lift va lift uskunalarini import qilishda vujudga kelayotgan muammolar vakolat doirasida o‘rganib chiqildi.
“Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasining xabariga ko‘ra, lift uskunalariga 3-chizma asosida berilgan muvofiqlik sertifikatlari hukumatning 2017-yil 6-oktabrdagi 801-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga kiritilgan qo‘shimcha talablarga asosan bekor qilingan.
Shuningdek, mazkur muassasa mahsulotlarini sertifikatlashtirish organi faoliyati davriy baholash natijalariga ko‘ra vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Biroq, liftlarning xavfsizligiga doir qo‘shimcha talablar saqlab qolinganligi, ishlab chiqarish jarayoniga (3-chizma bo‘yicha) berilgan 17ta muvofiqlik sertifikatlarining amal qilishi to‘xtatilganligi sabab, importyor korxonalar tomonidan mamlakat hududiga olib kelingan lift va eskalatorlar omborlarda qolib ketmoqda.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan lift va lift mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga quyidagi takliflar kiritildi:
- vakolatli organ tomonidan bekor qilingan 17ta muvofiqlik sertifatini istisno tarzida tiklash choralarini ko‘rish;
- mavjud bo‘lgan sinov laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun (lift, lift uskunalari va eskalatorlarni sinovdan o‘tkazish, zarur sinov minoralari va asbob-uskunalarni olib kirish) chet-el grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rish;
- liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish choralarini ko‘rish;
- sertifikatlash jarayonida bir shartnoma doirasida olib kelinayotgan marka va modeli bir xil bo‘lgan lift tovarlarini faqatgina bir nusxasini sinovdan o‘tkazish orqali ularga bitta muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish amaliyotini joriy qilish.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov hukumatga tadbirkorlarni tashvishga solayotgan mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab senator so‘rovini yuborgandi.
Hukumat tomonidan mamlakatda liftlar bilan bog‘liq noxush holatlar sodir bo‘layotganligi sababli xalqaro, xususan, Yevropa tajribasini o‘rgangan holda liftlar va ularning moslamalari sifati hamda xavfsizligiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.
Bojxona omborlarida 47ta korxona tomonidan olib kelingan qiymati $9,5 mlnlik 332ta lift va eskalator nazoratda turganligi aniqlangan.
Avvalroq Halilillo To‘raxo‘jayev Raqobat qo‘mitasi raisi etib saylangani haqida xabar berilgandi. Tayinlovga qadar u Oliy sud raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.