Gretsiya olti kunlik ish haftasini joriy etgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlatiga aylandi. Yangi qonun ishchilarga haftasiga 40 soat o‘rniga 48 soatgacha ishlash imkonini beradi, deya xabar berdi “BBC”.
Bu faqat kuniga 24 soat ishlaydigan kompaniyalar uchun amal qiladi. Xodimlarning ushbu ish jadvalidagi ishtiroki ixtiyoriydir va ular 40% qo‘shimcha ish haqi oladi.
Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisning aytishicha, qonun iqtisodni rivojlantirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash, shu bilan birga mamlakatni Yevropa standartlariga moslashtirishni maqsad qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur qonun turizm va oziq-ovqat biznesiga taalluqli emas.
“BBC” shuningdek, ushbu qonun to‘rt kunlik ish haftasi ommalashib borayotgan boshqa Yevropa davlatlari va AQShdagi tendensiyalarga zid ekanligini ta’kidlaydi.
Bunday tartiblarni amalga oshiruvchi kompaniyalarning ta’kidlashicha, kamroq soat ishlash unumdorlikni oshiradi va xodimlarning farovonligini yaxshilaydi.
Avvalroq “Spot” Germaniya 1-fevraldan to‘rt kunlik ish haftasini sinovdan o‘tkazishi haqida yozgandi.
Tajriba olti oy davom etadi va unda 45 ta kompaniya ishtirok etadi. Maqsad qisqaroq ish haftasi samaradorlikni oshiradimi yoki yo‘qligini aniqlashdir.