Pavel Durov “Hamster Kombat” o‘yini yaratuvchilari tez orada TON blokcheynida token chiqarishlarini ma’lum qildi.
“Telegram” asoschisi barcha tilga olayotgan mazkur o‘yin so‘nggi internet fenomeniga aylanganini qayd etdi.
Mini-ilovadan 3 oyda 239 mln nafar kishi ro‘yxatdan o‘tgan. U bor-yo‘g‘i 73 kunda 100 mln oylik foydalanuvchilarga ega bo‘ldi.
Har kuni 4−5 mln nafar yangi foydalanuvchining “Hamster Kombat"ga qo‘shilishi, uni dunyoning eng tez rivojlanayotgan raqamli servisiga aylantirmoqda.
Shuningdek, Durov “Telegram"da mini-ilovalarning “yangi to‘lqini” yuzaga chiqishini, hozirda esa “Hamster” yetakchilik qilayotganini ta’kidladi.
“Tez orada „Hamster“ jamoasi o‘z tokenini TONda chiqaradi va yuz millionlab odamlarni blokcheynning afzalliklaridan boxabar qiladi. Biz „yangi davr kelishiga“ real vaqtda guvoh bo‘lamiz”, — deya xulosa qilgan Durov.
Iyun oyi boshida Pavel Durov yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. Uning birinchi safari Qirg‘izistondan boshlanib, undan keyin O‘zbekiston va Qozog‘istonda davom etdi.
Durovning Qozog‘istonga tashrifi doirasida mamlakatda “Toncoin” kriptovalyutasiga qonunan ruxsat berildi. Endilikda investorlar litsenziyalangan platformalarda mazkur raqamli aktiv bilan savdo qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bu borada O‘zbekiston bo‘yicha hozircha hech qanday yangilik yo‘q. Lekin “Telegram” asoschisi mamlakatga qilgan safari taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, yana Toshkentga kelishga va’da berdi.
Avvalroq surxondaryolik talaba “Notcoin” sotgani uchun 10 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, u “Telegram” orqali kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangan va ularni 800 ming so‘mga sotgan.