“Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ikkinchi mavsumiga 6-iyuldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda loyihalarni kiritish 6−26-iyul kunlari amalga oshiriladi. Undan keyin, 26-iyuldan 15-avgustgacha loyihalarni saralash o‘tkaziladi.
Shuningdek, 15−22-avgust kunlari loyihalar targ‘iboti o‘tkazilib, ovoz berish jarayoni 22-avgustdan 1-sentabrgacha davom etadi.
Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,36 mlrd so‘mni tashkil etadi.
2024-yilning 1-fevralidan “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumi boshlangandi. Aprel oyiga kelib, “Ochiq budjet” portalida 1-mavsum g‘olib loyihalari e’lon qilindi.
Unda mamlakat bo‘ylab 2 254ta mahalla bo‘yicha jami 2 770ta loyiha g‘olib deb topildi.
Avvalroq “Mening bog‘im” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumi uchun ovoz berish jarayoni boshlangani haqida xabar berilgandi.