Yaponiyada 3D gologrammalardan foydalanadigan dunyodagi birinchi banknotlarni taqdim etildi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.

Bu usul mamlakatda 20 yil ichida birinchi banknot dizayni yangilanishi doirasida paydo bo‘lib, jami uchta yangi model muomalaga chiqariladi.

Noyob texnologiya 1000 iyena, shuningdek, 5000 va 10000 iyenalik banknotlarda qo‘llanildi. Birinchi partiya Yaponiya bankining bosh ofisida taqdim etildi.

3D gologrammalar yordamida banknotlarda tasvirlangan shaxslarning portretlari uch o‘lchamli va harakatchan ko‘rinadi.

Ushbu moybo‘yoqli belgilar ma’lum hududlarga joylashtirilgan. Taxminlarga ko‘ra, yangi usul pulni qalbakilashtirishdan himoya qilishga yordam beradi.

So‘nggi yillarda bunday jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaydi, ammo vaziyat muammoliligicha qolmoqda. Masalan, 2023-yilda politsiya 700 ga yaqin shunday holatni aniqlagan.

Endilikda banknotlarning nominal qiymati yanada ko‘zga ko‘ringan joylarda joylashgan kattaroq arab raqamlarida ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ierogliflar bilan tanish bo‘lmagan kishilar uchun banknot nomini aniqlashni osonlashtiradi.

“Naqd pul har kim, istalgan joyda, istalgan vaqtda foydalanishi mumkin bo‘lgan xavfsiz to‘lov vositasi bo‘lib qoladi, shuning uchun u muhim rol o‘ynashda davom etadi. Umid qilamanki, banknotlarning yangi seriyasi keng qo‘llaniladi va Yaponiya iqtisodiyotini rivojlantirishga yordam beradi”, — dedi Yaponiya banki raisi Kadzuo Ueda.

Unga ko‘ra, Yaponiya banki qiymati 1,6 trln iyenalik ($10 mlrd) yangi banknotlarni muomalaga chiqaradi. Biroq, avvalgi versiyalar muomalada qoladi va to‘lovlar uchun amal qiladi.

Moliyaviy tashkilotlar barchaga eski banknotlarni yangilariga almashtirishga ruxsat beradi. Yaponiya banki mamlakat moliya tizimi allaqachon yangi banknotlardan foydalanishga tayyorligini ta’kidladi.


Avvalroq “Spot” Qirg‘iziston Milliy banki yangi banknotani muomalaga kiritgani haqida yozgandi.

Regulyator 10-maydan nominal qiymati 5 ming so‘m bo‘lgan yangi banknotani muomalaga chiqardi.

Shuningdek, Dubayda oltin banknota muomalaga chiqarilgani haqida xabar berilgandi.

Banknot 0,1 gramm 24 karatlik oltindan iborat qog‘ozdan tayyorlangan bo‘lib, lekin to‘lov vositasi hisoblanmaydi.