Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniyaning birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, jumladan, mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarining oshishiga olib kelgan harakatlar alomatlari aniqlangan.
Natijada birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlari o‘rtacha 10%dan 50%gacha oshishiga sabab bo‘lgan.
Qo‘mita “Lukoil Overseas Supply and Trading"ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va hukumatning 2020-yilning 18-martidagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish ochdi.
Qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot berilishi ta’kidlanadi xabarda.
“Lukoyl Overseas Supply and Trading LTD” kompaniyasi O‘zbekistonda texnik oltingugurtning birja bozoriga 2015-yilda kirib kelgan. Hozirda “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda texnik oltingugurt bozorida ustun mavqeiga ega kompaniyalar reyestriga kiritilgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi lift importi bo‘yicha hukumatga takliflar kiritgani haqida xabar berilgandi. Qo‘mita bekor qilingan muvofiqlik sertifatini istisno tarzida tiklashni, mazkur sertifikatni berishda xizmatlar bozoriga xususiy sektorni jalb etishni tavsiya qilmoqda.