O‘zbekistonda tibbiyot buyumlarini sotishda cheklangan ustamani bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 4-iyul kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Muloqotda “As-Farm” xususiy korxonasi rahbari tibbiy buyumlarni dori vositalaridan ajratish vaqti kelganini, mazkur buyumlar savdosida cheklangan ustamalar umuman o‘rnatilmasligi kerakligini qayd etdi.
“Chunki dori vositalari millinlab sotiladi, tibbiy buyumlar o‘nlab, yuzlab, uzog‘i bilan minglab sotiladi. Qaysidir firma xorijiy kompaniya distribyuteri bo‘lsa, boshqa firmaning tibbiy buyumlarini sota olmaydi. 15%lik ustama bilan qayergacha borish mumkin? Oliy ma’lumotli xodimlarni qanday qilib ushlab qolish mumkin?”, — dedi tadbirkor.
Shuningdek, u tibbiy buyumlarning 90%dan ortig‘i O‘zbekistonga kontrabanda orqali kirib kelishini ta’kidladi. Biroq, unga chek qo‘yishning imkoni yo‘q.
“Kontrabandani tugatish uchun yengillik berish kerak. Birinchi navbatda cheklangan ustamani bekor qilish kerak. Borgan sari bu yomonlashmaydimi?”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ilgari surilayotgan taklif yuzasidan munosabat bildirib, bu bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi.
“Prezidentimiz ham farmon loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq bergan. Hozirda u [farmon loyihasi] Prezident administratsiyasida turibdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishib bo‘lganmiz. 15−20%lik ustama faqat retsept asosida beriladigan dorilarga qoladigan bo‘ldi. [Ustamalar] retseptsizlardan ham, tibbiy buyumlardan ham chiqib ketadi”, — dedi u.
Abdulla Azizovning ta’kidlashicha, farmon loyihasi bo‘yicha barchadan rozilik olib bo‘lingan. Faqat, loyihaning boshqa punktlari ma’qullanishi kutilmoqda va shundan keyin “ikki-uch haftada farmon chiqishi kerak”.
Mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana sotishda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilangan.
Xususan, chetdan olib kelinadigan va mamlakat ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori va tibbiy buyumlarga vositachilar sonidan qat’iy nazar ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15%dan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda ustama belgilanadi.
Chakana savdoda esa, ulgurji narxidan 20%dan ortiq bo‘lmagan miqdorlardagi cheklangan savdo ustamalari qo‘llaniladi. Ijtimoiy dorixonalar tomonidan ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10%idan ortiq bo‘lmagan cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda sotiladi.
Bunda tovar tannarxiga dastlab ulgurji savdoda ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) QQSsiz narxiga 15%, chakana savdoda ulgurji narxiga 20% miqdorida ustama qo‘yiladi va 12% miqdorida QQS hisoblab realizatsiya qilinadi.
2025-yildan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imni bekor qilish rejalashtirilgan.
Avvalroq Abdulla Azizov O‘zbekistonda dori vositalari narxi qanday pasaytirilishi haqida “Spot"ga so‘zlab bergandi.