Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga “Imir Trade Group” MCHJ ga tegishli “MOXITO” tovar belgilaridan “D.M.F.” oilaviy korxonasi huquq egasining ruxsatisiz foydalanayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
Murojaat asosida “D.M.F.” oilaviy korxonasi faoliyati tekshirilganda, korxonada “Imir Trade Group” jamiyatining “MOXITO” tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash tovar belgisidan foydalanib ichimlik ishlab chiqarayotgani va savdoga taklif etilayotgani aniqlandi.
Tekshiruv yakuni bo‘yicha “D.M.F.” oilaviy korxonasi rahbariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, huquq egasining tovar belgisi mavjud bo‘lgan kontrafakt mahsulotlarni savdodan qaytarib olish, tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilish, tovar belgisini tovardan yoki uning idishi va o‘rovidan yo‘qotish, ushbu talablarni bajarishning iloji bo‘lmagan taqdirda, tegishli tovarni yo‘q qilib tashlash choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq “Spot” Adliya vazirligi xalqaro “Burger King” brendiga nisbatan huquqbuzarlikni bartaraf etgani haqida yozgandi.
Toshkentdagi shunga o‘xshash burger shaxobchasi peshlavhalaridan tovar belgisini olib tashladi.