Prezident tomonidan joriy yilning 2-iyul kuni imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Bu bo‘yicha “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan.
Bunda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olishdagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (68 mln so‘m) etib belgilandi.
Bundan tashqari “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga ham o‘zgartirish kiritildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Umra” ziyoratini tashkil etish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 10 baravari (3,4 mln so‘m) etib belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Mart oyida “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya joriy qilinishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.
Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
2023-yilning avgustida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi Umra tadbirlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan litsenziyaga ega turoperatorlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Joriy yilning fevral oyida “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi tomonidan fuqarolarni “Umra"dan qaytarish bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani uchun kompaniya mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan aviakompaniya bilan hamkorlik qilgan qariyb 40ta turoperator faoliyatini to‘xtatib turishni so‘radi. Shundan so‘ng, qo‘mitaning ayrim turoperatorlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalari ma’lum qilindi.