“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun navbatdagi kontraktatsiyani ochmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
To‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, bekor qilingan hajmlar uchun shartnoma berish jarayoni 5-iyul, juma kuni soat 10:00da boshlanadi.
Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
“Telegram"-bot hamda “UzAvtosavdo” ilovasi navbatni kuzatish xizmatini va mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.
Avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov yetti kalendar kun ichida amalga oshirilishi kerak. Aks holda, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qo‘yiladi.
“UzAuto Motors” xaridorlardan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘ramoqda.
Kompaniya bundan oldin, 21-iyun kuni 25 ming dona “Cobalt” uchun onlayn kontraktatsiyani ochgandi. Taklif etilgan barcha hajm uchun 9−10 soat ichida shartnoma tuzildi.
“UzAuto Motors” “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” ommabop avtomobillari narxlarini oshirishni hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda. Xususan, mazkur avtomobillar uchun narxlar 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.