“Volkswagen” 84 mingdan ortiq avtomobillari, jumladan “Golf” va “Atlas” modellari qaytarib olinishini e’lon qildi. Bu haqda “overclockers” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, avtomobillar dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolar sabab qaytarib olinmoqda.
Ushbu noqulaylik 2022 va 2024-yillar oralig‘ida ishlab chiqarish liniyasidan chiqqan avtomobillarga tegishli.
Qaytarib olishning asosiy sababi shundaki, orqaga ko‘rish kamerasi teskari o‘tkazishga o‘tayotganda tasvirni ko‘rsatmasligi mumkin.
Muammo egalari ba’zi 2022-yilgi “Golf” modellarida orqa ko‘rinish kamerasi ishlashi haqida shikoyat qila boshlaganidan keyin aniqlandi.
“Volkswagen” tekshiruv o‘tkazdi va 2023 yil dekabr oyida ushbu nosozlikni tuzatish uchun dasturiy ta’minot yangilanishini ishlab chiqdi.
Amerika bozoriga mo‘ljallangan “Golf GTI” va “R” modellari uchun ishlab chiqarish o‘tgan yilning dekabr oyida, “Atlas” modellari uchun esa 2024-yil fevralida tuzatilgan.
Ta’sir qilingan transport vositalarining egalari dasturiy ta’minot yangilanishini bepul olishadi. Yangilash jarayoni taxminan bir soat davom etadi.
2023-yilning martidan 2024-yilning mayigacha kompaniya ushbu masala bo‘yicha 499ta kafolat da’volarini oldi.
Kanadada ma’lum miqdordagi “Atlas Cross Sport”, “Atlas”, “Golf GTI” va “Golf R” uchun dasturlar ham yangilanadi, avtomobil egalariga 2024-yil 23-avgustgacha bildirishnomalar yuboriladi.
Avvalroq “Spot” “Toyota” AQShda 145 mingdan ortiq avtomobilini qaytarib olishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga yon xavfsizlik yostiqchalari nosozligi sabab bo‘lgan.