Bilim va malakalarni baholash agentligi oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul jarayoniga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Jarayon Yagona hamda agentlik sayti orqali onlayn amalga oshirildi.
Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan ro‘yxatdan o‘tish talablarini to‘liq bajargan 88 591 nafar abituriyentning arizasi qabul qilinmadi. Qolgan 805 688 nafariga ruxsat berildi.
Qabul qilingan nomzodlarning 410 415 nafarini (46%) joriy yilgi bitiruvchilar, 483 864 nafarini (54%) esa avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar tashkil etdi.
Bundan tashqari, test sinovlarida ishtirok etishi belgilanganlarning 422 400 nafari xotin-qizlar (52,4%), 383 288 nafari esa erkaklar (47,6%)dir. 489 118 nafar (60,7%) abituriyent to‘lovdan ozod etilgan.
Doimiy yashash hududi bo‘yicha eng ko‘p Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Farg‘ona viloyatida 79 808 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Abituriyentlarning 46 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 12 851 nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan.
Ro‘yxatdan o‘tishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan bo‘lib, ulardan 20 063tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, yana 2 569ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi.
Bundan tashqari 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun hozirda 73ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176ta guruhda, 35 280 nafar, bir kunda esa 70 560 nafar abituriyent qatnashadi.
Jarayonni 12 kun davomida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unga keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 2 690 nafar guruh nazoratchisi tanlab olindi. Gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etiladi.
Foydalaniladigan 15ta (tillar kesimida 29ta) umumta’lim fanidan 40 mingdan ortiq yangi test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi.
Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi (“Call markaz”) xizmat ko‘rsatmoqda.
Kasbiy (ijodiy) imtihoni mavjud bakalavriatura yo‘nalishlariga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun imtihonlar mamlakat bo‘yicha 5-iyuldan boshlanib, 19-iyulgacha davom etadi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.