Toshkent xalqaro aeroporti kassalarida endilikda 15 ta aviakompaniya chiptalarini xarid qilish mumkin. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroportining ikkinchi qavatida, jo‘nab ketish zalining VIP va CIP zallari yonida joylashgan kassada endilikda 15 ta aviakompaniya chiptalarini xarid qilish mumkin.

Bular, “Uzbekistan Airways”, “Silk Avia”, “Centrum Air”, “Qanot Sharq”, “Air Samarkand”, “Turkish Airlines”, “Asiana Airlines”, “Lot Airlines”, “Belavia”, “Air Astana”, “Aeroflot”, “Ural Airlines”, “S7”, “Red Wings”, “Utair” aviakompaniyalaridir. Avvallari aeroportda faqat “‘Uzbekistan Airways” aviachiptalarini xarid qilish mumkin edi.

Bundan tashqari, kassada yo‘lovchilar “Uzbekistan Airways”, “Silk Avia”, “Centrum Air"ning qo‘shimcha xizmatlari uchun haq to‘lashlari mumkin.

Ya’ni, aviachiptalarni xarid qilishdan tashqari, chiptalarni qayta bron qilish va qayta rasmiylashtirish, xizmat ko‘rsatish klassini ko‘tarish yoki tushirish, ortiqcha va maxsus bagaj, shu jumladan, o‘simlik va hayvonlarni tashish uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Shuningdek, bu yerda “Fast Track” va aeroportning yuqori qulaylikdagi “CIP Lounge” va Anor zallari xizmati uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Toshkent aeroportidagi chiptalar kassasi haftasiga yetti kun, 24 soat ishlaydi. Savdo ofisi xizmatlaridan foydalanishni xohlovchi yo‘lovchilar shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishlari kerak.


Avvalroq “Spot” Javlonbek Umarxodjayev “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi.

Tayinlovga qadar u boshqaruv raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi lavozimida kompaniyaga rahbarlik qilgan.