Renat Axtyamov 2005-yildan buyon IT-sohasida faoliyat yuritib kelmoqda, juniordan O‘zbekistondagi “EPAM” kompaniyasi direktori lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

U bolaligidan juda faol bo‘lgan, kitob o‘qishdan ko‘ra ko‘proq sport seksiyalari, ochiq osmon ostidagi o‘yinlar kabi harakatli mashg‘ulotlarga qiziqqan. O‘sha paytda u maktab adabiyotini o‘qigan, xolos. O‘spirinlik chog‘ida esa Renatni Bulgakov ijodi, shu bilan birga ilmiy-fantastik asarlar hayratlantirgan.

“Menga ko‘proq jahon fantastikasi — Rey Bredberining „Farengeyt bo‘yicha 451 daraja“ va „Mars yilnomalari“ asarlari yoqqan. Ayzek Azimovning barcha asarlari, jumladan dastlabki ijodidan tortib, „Asos“ nomli majmuasigacha o‘qib chiqqanman. Qolaversa, amerikalik yozuvchi Robert Xaylaynning ilmiy fantastikasini ham o‘qiganman”, — deydi Axtyamov.

Uning fikricha, fantastikaga bo‘lgan katta qiziqish tabiiy fanlar — matematika va fizikaga bo‘lgan muhabbati bilan bog‘liq. Chunki o‘tgan asrda fantastlar tasvirlagan ko‘pgina ixtirolar hozirgi vaqtga kelib, turli ko‘rinishlarda o‘z aksini topgan.

Hozirda “EPAM Uzbekistan” direktori audiokitoblarni tinglashni ma’qul ko‘radi va elektron kitoblarni tanlaydi. Hayotning intensiv ritmi tufayli bosma kitoblarni to‘liq, diqqat bilan o‘qishga kamdan-kam vaqt topish mumkin. Audiokitoblarni esa ishga ketayotganda yo‘lda tinglab ketish qulay. Ko‘pincha Renat biznes adabiyotini, kamdan-kam hollarda badiiy adabiyot va ilmiy fantastika asarlarini tinglaydi.

U haftasiga 5 soat vaqtini audiokitob tinglashga ajratadi. Yiliga 10ta kitob tanlab olinadi. Ammo Renatning ta’kidlashicha, besh yil oldin u bunchalar ko‘p kitob o‘qimagan.

“Hozirgi kunda judayam ko‘p adabiyotlar tavsiyasini uchratish mumkin, ba’zan nima o‘qishni bilmay ham qolaman. Birinchi navbatda kitob taqrizi bilan tanishib chiqaman yoki do‘stlarim/hamkasblarim tavsiyalari asosida asarlarni tanlayman”, — deydi “EPAM Uzbekistan” rahbari.

“Kompaniyamizda bir an’ana bor: bir qancha jamoa yoki klublar birgalikda o‘qish va keyingi muhokama qilish uchun kitoblar tanlaydi. Men hech qachon uchrashuvlarda qatnashmaganman, lekin bu guruhlardan birining a’zosiman va nima o‘qishlarini belgilab boraman. Bu O‘zbekiston geografiyasi bilan chegaralanib qolmaydi: guruhlarda bizning xorijlik hamkasblarimiz ham bor. Xuddi shunday tajribaga ega „Agile Uzbekistan“ hamjamiyatini tavsiya qilishim mumkin. Ular kitob o‘qib, so‘ng muhokama qilishadi, shuningdek, olingan bilimlarini qayerda amalda qo‘llash mumkinligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishadi”, — deydi Axtyamov.


“Jamoaning ideal o‘yinchisi”, Patrik Lensioni

Kitob allaqachon “EPAM” doirasida e’tiborga tushgan. Kitobni Arkadiy Dobkin (“EPAM Systems” prezidenti — “Spot” izohi) tavsiyasi asosida o‘qiganman, kompaniyadagi ko‘pchilik kabi kitob unga ham juda yoqqan. Kitob xodimlarni uchta asosiy mezon va ularning kombinatsiyasi asosida tasniflashning ko‘plab tizimlaridan birini taklif qiladi: “Hungry”, “Humble”, “Smart” (och, kamtar, aqlli — “Spot” izohi).

Mazkur uchta jihatning muvozanatiga ega bo‘lish juda muhim, chunki ulardan birining mavjud emasligi xodimning karyera cho‘qqisini zabt etishiga va jamoada muvaffaqiyatli muloqotni o‘rnatishiga to‘sqinlik qiladi. Yaxshi-ki, bu fazilatlarning har birini rivojlantirish mumkin. Bu qandaydir tabiiy yoki genetik xususiyatlar emas. Odamlar ular ustida ishlashga, rivojlantirishga va jamoaviy o‘yinga moslashishga qodir.

epam, kitob tavsiya, renat axtyamov


“Sevgining besh tili”, Geri Chepmen

Avvallari men psixologik adabiyotlarni kam baholab, bu mavzuga unchalik ahamiyat bermasdim, hozir esa bundan afsuslanaman. Hamkasblar va juftlar bilan munosabatlarda odamlar o‘rtasidagi aloqalar hissiy intellekt darajasida qanday qurilganligini va ishlashini tushunish muhimdir. Bu tushuncha, ayniqsa, oilaviy munosabatlarda xatolardan qochishga yordam beradi.

Top-menejer sifatida men vazifalar va vaqt orasida, asosan, oila bilan o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan qismiga zarar yetkazaman. Asosiy psixologik tamoyillar va qonunlarni bilmaslik oilaviy munosabatlarda muayyan qiyinchiliklarga olib keladi.

Men Geri Chepmen kitobini nafaqat menejerlar, balki oilaviy munosabatlarni qanday qilib baxtli, uzoq va quvonchga boy qilish kerakligini tushunish uchun o‘zini o‘zi tarbiyalashga intilayotgan har bir kishiga tavsiya qilaman.

epam, kitob tavsiya, renat axtyamov


“Maqsad”, Eliyahu Goldratt

Muallif — taniqli biznes-konsultant, nazariy fizikachi, “Cheklovlar nazariyasi” asoschisi. Muallif bilan tanishuvim 15 yil oldin, ya’ni, ishlab chiqarish korxonalarida jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalarni boshqarganimda boshlangan.

Men ishlagan kompaniya rahbari va mijozlari bilan omadim kelgan. Ular biznes adabiyotlarini o‘qishni juda yaxshi ko‘rishar va ko‘pincha bu yoki boshqa jarayonni avtomatlashtirish haqidagi suhbatlarimizda menga ma’lum bir kitobni o‘qishni va undan keyin suhbatni davom ettirishni so‘rashardi. Shu tariqa, biz yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan umumiy til va yechim topardik.

Ushbu kitob yaxshi esimda qolgan, chunki u biznes boshqaruvi, ishlab chiqarish va distrubyutorlikni yuritish borasidagi sog‘lom qarashlarga asoslangan aniq va noaniq narsalarni ochib beradi. Biz cheklovlar nazariyasidan amaliyotlarni real biznesga kiritdik va avtomatlashtirish orqali bu hayratomuz natijalarga olib keldi.

epam, kitob tavsiya, renat axtyamov


“Maqsad — 3”, Eliyahu Goldratt

Ko‘rib turganingizdek, Goldratt — mening sevimli muallifim. Uning “Maqsad"i trilogiya bo‘lib, men aynan uning uchinchi qismini o‘qishni tavsiya qilaman. Kitob faoliyatim — IT-sohasini qamrab olgani uchun ham yoqqan.

Kitobda hikoya yirik korxonalarni avtomatlashtirishga bag‘ishlangan biznes-roman shaklida bo‘ladi. Unda korxonalarda axborot tizimlarini joriy etish zarurligi, faqat shu jarayon bilan cheklanib qolmaslik kerakligi keltirilgan.

Muallif mijozni yaxshiroq tushunish uchun o‘z xizmatlarini taklif etayotgan IT-kompaniyalar vakillari tomonidan ham, IT-yechimlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan mijoz tomonidan ham e’tibor berishi kerak bo‘lgan muhim jihatlarni ochib beradi.

Mahsulotni joriy etish yoki ishlab chiqarishni avtomatlashtirish jarayoni faqat mahsulotning o‘zini amalga oshirish bilan cheklanmaydi. Bu bilan birga, kompaniya ichidagi jarayonlarni modernizatsiya va transformatsiya ham qilish kerak. Hozirda buni digital-transformatsiya, deb atash moda bo‘lgan. Bu kitob aynan shu haqidadir. Men uni barcha biznes egalariga o‘qishni tavsiya qilaman.

epam, kitob tavsiya, renat axtyamov


“Qanday qilib xato qilmaslik mumkin. Matematik fikrlash kuchi”, Jordan Ellenberg

Men bu asarni ancha oldin o‘qiganman. U ko‘plab paradokslarning “sirlarini” ochib bergani bilan ham yaxshigina esimda qolgan. Matematika nuqtayi nazaridan, sirli va hayratlanarli ko‘rinadigan ko‘pgina narsalar tushuntiriladi. Kitobda o‘z tajribamiz asosida, lekin ko‘pincha tanqidiy va matematik jihatlarni hisobga olmasdan qanday qaror qabul qilishimiz haqida so‘z boradi. Matematik vositalar yordamida xatolarni topish va qaror qabul qilishda ularga yo‘l qo‘ymaslik mumkinligini ko‘rsatuvchi ko‘plab misollar mavjud.

Masalan, Amerika shtatlaridan birida pochta xizmati faol ishlayotgan va odamlar xat almashib turgan bir paytda pochta qutisiga birja brokeridan xat keladi. U birjadagi aksiyalarni prognoz qilish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etadi va ularning o‘sishini prognoz qilib, aksiyalarga sarmoya kiritishni maslahat beradi. Agar prognoz amalga oshsa, u belgilangan mablag‘ni olmoqchi bo‘ladi. Odamlar esa asosan, unga shubha bilan qarab, xatni e’tiborsiz qoldiradilar.

Oradan vaqt o‘tib, prognoz qilingan sana yaqinlashadi va u amalga oshadi. Ammo u odam sarmoya kiritishga qaror qilmagandi ham. Investitsiya qilishga qaror qilmagan kishi brokerning haq ekanligini anglaydi. Bir muncha vaqt o‘tgach, u yana amalga oshadigan takroriy prognozni oladi.

Bu kabi bir nechta urinishlardan keyin, u odam brokerning professionalligiga ishona boshlaydi va pulni sarmoya qilishga qaror qiladi. Muvaffaqiyat siri nimada? Ma’lum bo‘lishicha, broker shunchaki prognozlarning ko‘plab kombinatsiyalarini yaratgan va ularni ko‘plab odamlarga yuborgan. Ularning taxminan 5%i muvaffaqiyatli prognozlarni olib, o‘z pullarini investitsiya qilish orqali brokerga ishonishni boshlaydi.

Qolgan prognozlar noto‘g‘ri bo‘lib, lekin bu ahamiyatli emas edi, chunki o‘sha 5% unga katta foyda keltirishi uchun yetarli hisoblanardi.

Kitobda bunday misollar, jumladan, matematikaga asoslangan biologiya sohasidagi ilmiy tajribalar juda ko‘p. Bu maroqli va qiziqarli bo‘lib, ko‘p narsaga nafaqat odatiy nuqtayi nazardan, balki matematik fikrlash prizmasidan ham qarash imkonini beradi, bu esa ko‘proq asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

epam, kitob tavsiya, renat axtyamov